15-fevral kuni maktabda so‘z mulkining sultoni, mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi hamda shoh va shoir, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan “Nazm va navo” ma’naviy-ma’rifiy kechasi o‘tkazildi. Mumtoz musiqa san’atimiz rivojida Navoiy va Bobur ijodiy merosi o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ularning betakror g’azallari bilan kuylanuvchi musiqiy asarlar san’at muxlislarining ko‘ngil mulkiga aylangan. Ayni paytda mazkur musiqiy asarlar mukammalligi, betakrorligi, teran va yuksak badiiy-falsafiy ruhi bilan ham qadrlidir. Buyuk ajdodlarimiz so‘zlariga bastalangan badiiy barkamol qo‘shiqlar tinglovchilarning estetik didini yuksaltirish, musiqiy saviyasini oshirish, ona tilimizga yanada ko‘proq hurmat va e’tibor bilan munosabatda bo‘lishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Nazm va navo kechasida tadbir ishtirokchilari tomonidan chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi qo‘shiqlar, jozibali raqslar ijro etildi.













